Google'dan offer oldim
Nafrat
14 yoshligimda CodeLeader o’quv markazida dasturlashni o’rganayotgan vaqtlarim guruhdoshlarim bilan kelajakdagi maqsadlar va orzular haqida gaplashib qoldik.
Timur aka: Bu yerni bitirgandan keyin maqsad nima?
Men: Mana shunday start up g’oyam bor. Shu loyihamni qurmoqchiman. O'zingizchi?
Timur aka: Men kelajakda Yevropa yoki Amerika ga ketib, Google kabi katta kompaniyalardan birida ishlamoqchiman. [1]
“Boshqa kompaniyada ishchi bo’lib ishlash?! Nega o’z orzularingizni reallikka olib kelish imkoniyatingiz bo’lganda, boshqa bir kompaniyaning orzularini qurishni tanlaysiz?” degan hayol o’tdi. Umrimda birinchi bor Google’dek katta kompaniyada ishlashni orzu qiladigan odamni uchratdim, ammo bu g’oyadan nafratlandim.
Irony
Guruhdagilarga nisbatan ancha yosh bo’lsamda, darslarda hammadan aktivligim tufayli, CodeLeader jamoasi kurs oxirida ularning jamoasiga qo’shilishim va startuplar qurishda yordam berishimni taklif qilishdi. Uydagilarni ko’ndirish oson bo’lmadi, lekin ishlash maktabdagi natijalarimga ta’sir qilmasligiga ishontira olganimdan keyin 14 yoshimda ilk ishimni egalladim.
Biroz vaqt o’tib Digital Generation va Mollys kompaniyalarida dasturchi bo’lib ishladim. Orzuim esa qadamma-qadam ko’milib bordi.
Orzu
Startuplar qurishdan tashqari yana bir orzuim bor edi: Stanford. Dunyoning IT bo’yicha birinchi raqamli universitetiga kirish uchun 3 yil Ingliz tilini o’rganib IELTSdan 7.5, keyingi 3 yil SATga tayyorlanib 1600 balldan 1520 oldim. Maktabni a’lo baxolar (5.00 GPA) va juda ko’p va ma’noli qo’shimcha ishlar (Extra Curricular Activities) bilan bitirdim. Insholar uchun Freshman jamoasidagi Valera va Umidning bebaho yordamlaridan foydalandim. Stanford so’rashi mumkin bo’lgan jamiki barcha narsani tayyorladim.
Stanforddan rad javobini oldim.
Stanfordagi yagona O’zbek Farangiz, birga IT loyiha qurishni taklif qilganda, ishim tufayli rozi bo’la olmagandim. Balkim sabab shudir :)
Bir yil universitetda o’qimasdan keyingi yil Stanfordga qayta topshirishni maqsad qildim. Bunday xolatda, universitetga bo’sh yilingizni qanday o’tkazganligingiz haqida yozishingiz kerak. O’zbekistonda ishlash o’rniga, Yevropaga, akamni yoniga ketib yilni sarguzashtlar bilan o’tkazishga qaror qildim. Viza olish uchun qabuli tugamagan yagona universitet, Varshava Iqtisodiyot universitetiga topshirdim.
Azim Pulat
Polshaga kelganimdan ko’p o’tmay, IT tadbirlaridan birida O’zbek IT jamiyatidagi eng mashxur insonlardan biri Azim Pulat bilan tanishdim. JPRQ, CS50xTashkent, YBKY, 42 kabi loyihalar ustida ertayu kech ishlab, 6 oy ichida notanishlardan, qalin do’st va aka-ukalarga aylandik.
Azim aka bilan bo’lgan uzun suhbatlarda, Amerikada ta’lim qimmatligi, o’yin kulgi (party) hayot tarziga berilib ketish osonligi va shaxsiy rivoj uchun bo’sh vaqt va halovat bo’lmasligini, bu vaqtda esa Polsha yangi imkoniyatlar mamlakatiga aylanib borayotganligi, Google kabi kompaniyaga ishga kirib, universtitetni bitirgandan so’ng Google bilan Amerikaga ketish mumkinligini muhokama qilar edik. Natijada, reallikdan yiroq bo’lgan[2] Stanford orzusi, Googlega kirish orzusi bilan almashdi.
Qo’rquv
Googlega kirish?! Hech bo’lmasa googlega kirgan biron odamni bilasanmi? Dasturlashdagi (Leetcode’dagi) oson savollarni ishlay olmaysan, googleda qiyin savollarni so’rashadi. Universitet bilan Googlega tayyorgarlikni, ishga kirsang ishni bir vaqtda qila olasanmi? O’zbekistondagi nomi yo’q kompaniyalardagi tajribalaringga qarab ham o’tirishmasligini bilasanmi? Umringda inglizcha muhitda bo’lib ko’rmagansan, endi 100% ingiliz tilidagi ishga kirmoqchimisan? 18 yoshligingchi? Googledagi lar kamida universitetni bitirishgan.
Google meni rad qilmadi. Men o’zimni rad qildim.
Lekin kutishdan ma’no yo’q edi. Kichikroq kompaniya bo’lsa ham tajriba kerak edi. Kompaniyalarga ishga topshirdim. 6 oy davomida 150ga yaqin kompaniyadan yoki rad javobini eshittim yoki hech narsa eshitmadim.
Amerikadan vos kechib xato qildimmi?
Affirm
6 oydan so’ng emailimga spam xabar keldi. “Amerikadagi eng katta moliya (Fintech) kompaniyalaridan biriga dasturchi bo’lib qo’shilishni istaysanmi?” Ishga topshirishni o’ylab o’qib chiqayotib, oxiriga kelganda ular bermoqchi bo’lgan oylikni ko’rdim. Men so’rayotgan oylikdan taxminan 8 baravar ko’proq.
U ish men uchun emasligimni tushunib akamga emailni yubordim, “menga shuncha pul berishmoqchi 😎” deb. Akam ham hazilligini tushunib, kulib qo’ydi.
Affirm meni rad qilmadi, men o’zimni rad qildim.
Oradan bir haftacha o’tib anovi emailga qo’shimcha yozishdi, “O’ylab ko’rdingmi?” deb. Nima bo’lsa bo’lsin deb topshirdim.
3ta intervyudan keyin, ishga qabul qilishdi.
Google
Affirmda katta kompaniyalarda qanday ishlashni, hamkasblar bilan muloqot qilishni va asosiysi qanday o'rganishni o'rgandim. Taxminan 1 yilcha ishlaganimdan keyin, Affirmdan ketish payti kelganligini, yangi imkoniyatlar, yangi muammolar kerakligini tushundim. Lekin qo'rquv meni tark etmagandi. Google'ga topshirishga baribir botina olmadim.
Shunday qilib yana 8 oy Google'ga ishga topshirishga qo'rquv bilan o'tdi. Shu payt LinkedIn'dan menga "Google'da ishlashni xohlaysanmi?" deb xabar keldi. Albatta deb javob berdim.
Qo'rquvim va Leetcode dagi tajribam kamligi uchun interviewlarni iloji boricha uzoqroqqa qo'yishga harakat qildim. Affirmdagi ishimdan ta'tilga chiqdim. Yagona maqsad bu Google.
HR bilan suhbatta men qanday loyihada ishlashga qiziqayotganligimni so'rashdi. Berilgan tanlovlar orasida Duet AI, Chrome OS, Pixel, Google Cloud kabi loyihalar bor edi. Lekin menga eng qizig'i bu Google'ning ichidagi o'zi yurar avtomobillar ustida ishlaydigan Waymo kompaniyasi bo'ldi.
Bir amallab, so'nggi bosqich - onsite suhbatlariga yetib oldim. U yerda 2 ta kod yozish vazifasiga juda yaxshi javob berdim. Lekin bosim ostida qanday ishlashni tekshiradigan suhbatta, amerikalik suhbat oluvchining shoshilayotganligini ko'rib, men ham shoshilib javob berishni boshladim. Uning shoshilishi va bu paytta mendan xotirjamlik bilan javob berishning kutilishi bu intervyuning bir qismi ekanligini kech tushinib yetdim.
Ammo bu bosqichdan ham muvaffaqqiyatli o'tganligimni va endi Waymoning Polshadagi direktori bilan Google offisida yuzma yuz suhbat qurishim kerakligini aytishdi. 2 yil online ishlaganligim tufayli direktor bilan gaplashish oson bo'ldi deya olmayman.
Waymo
Ertasi kun, HR meni suhbatga taklif qildi va suhbatta meni ishga taklif qilishmoqchiligini aytdi. Ular berishga tayyor bo'lgan oylik maosh va aksiyalarni aytishdi. Raqamlar Affirm'da olayotgan oyligimdan ancha past bo'lsada Google ekanligi uchun ham rozi bo'lishga tayyor edim. Ammo, Azim aka narxni negotiate (muzokara) qilishni taklif qildi. Bir qancha argumentlarga boy suhbatlardan keyin, eski taklifdan $100,000+ ko'proq taklifni yuborishdi va uni imzoladim.
Azim aka "$100,000 dollarlik muzokara" nomli maqola yozishim kerakligini aytti.
Onboarding (ishni boshlab olish) uchun meni AQSHdagi Google'ning bosh offisiga taklif qilishdi va "Google bilan Amerikaga ketish" reallikka aylandi.
Waymo haqida qisqacha: Google o'zi yurar avtomobil loyihasini 2009-yilda boshlagan va 2016-yilda loyiha juda kattalashib ketganligi uchun, uni alohida ichki kompaniya sifatida shakllantirgan. Shuning uchun LinkedInda yoki boshqa yerda Waymo logosini ko'rsangiz bilingki, bu google ning o'zi yurar avtomobillari.
Qo'shimchalar
1. Timur aka bugungi kunda, Yevropada sun'iy intellekt bo'yicha katta izlanishlar olib bormoqda.
2. Keyinroq, Farangiz, Stanfordga kirish reallikdan uzoq emasligini isbotlab berdi.
About the author
Jasurbek Zokirov is a software development engineer with 3+ years of commercial experience living in Warsaw, Poland. He writes about recent technological innovations, his projects and other mind-blowing events happening around us.
Click here to learn more →